Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) Kengashi Indoneziya futbol federatsiyasiga tashkilot a’zoligini qaytardi. Bu haqda FIFA prezidenti Janni Infantino ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “TASS”.
Indoneziya muqobil chempionatini tashkil qilgan mahalliy futbol ligasi va mamlakat Sport vazirligi o‘rtasidagi mojaro tufayli FIFA Ijroiya qo‘mitasi Indoneziya futbol federatsiyasining tashkilotga a’zoligini 2015-yilning 30-may kuni to‘xtatib qo‘ygandi. FIFA qaroriga ko‘ra, Indoneziya terma jamoasi JCh–2018 va Osiyo Kubogi–2019 saralash bahslaridan chetlatilgan edi.
10-may, seshanba kuni Indoneziya hukumati mamlakat terma jamoasi va klublari Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) hamda Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) bayrog‘i ostidagi musobaqalarda ishtirok etishi uchun mahalliy futbol ligasiga qo‘yilgan sanksiyalarni bekor qilgandi.
Izoh (0)