The Daily Mail muxbiri Shanxay tashqarisida joylashgan va Apple mahsulotlarini yig‘ish bilan shug‘ullanadigan Pegatron va Foxconn fabrikalari xodimlarining yotoqxonalarida bo‘lib, fotoreportaj tayyorladi, deb yozadi “Hi-tech.mail.ru”. Ushbu fotosuratlar kishini hayratda qoldiradi: odamlar juda yomon sharoitlarda, suv va elektr tokisiz yashaydi.
Jurnalist so‘zlariga ko‘ra, hatto shunday sharoitlarda yashash uchun ham ishchilar pul to‘lashi kerak. Ular eski ikki qavatli karavotlar qo‘yilgan 8—12 kishilik xonalarda yashaydi. Yuvinish xonasi, hojatxonalar ifloslanib, mog‘or bosib ketgan, dush kabinalari umumiy, unitazlar o‘rniga teshiklar qilingan.
Yemakxonada ham shunga o‘xshash sharoitlar. Xodimlarni fabrikadan tashqarida antisanitariya, zang, ifloslik qurshab olgan.
Pegatron zavodining sobiq ishchilaridan biri jurnalistga oshkor qilishicha, yig‘uvchilarga nisbatan doim robotlardek munosabatda bo‘lishgan. Apple inson huquqlariga rioya qilinishini yoqlab faqat omma oldida chiqish qiladi, aslida esa odamlar kam maosh olib, dahshatli sharoitlarda yashaydi.
Kompaniyani bu borada ko‘p marta ayblashgan, biroq vaziyat o‘zgarmagan. Katta shov-shuvning so‘nggisi 2012-yilda bo‘lgan, o‘shanda ishlab chiqaruvchini xodimlar haftasiga 60 soatdan ko‘proq ishlashi, me’yoridan ko‘p ishlagani uchun qo‘shimcha haq olmasligi va xavfsizlik qoidalariga rioya qilmasdan ishlashida ayblashgan edi. Apple va Foxconn esa iPhone yig‘uvchilarining ishlash sharoitlarini yaxshilashga va’da bergan edi.
Izoh (0)