Qozog‘iston professional futbol ligasi (QPFL) prezidenti Oljas Abrayev ishchi tashrif bilan 11-may, chorshanba kuni O‘zbekistonga keldi. QPFL rahbari O‘zbekiston futbol federatsiyasi binosida O‘zbekiston professional futbol ligasi (O‘zPFL) bosh direktori Farhod Magametov bilan uchrashdi, deb xabar beradi “Championat.asia”.
“Uchrashuv tafsilotlari bizga ma’lum emas”, – deyiladi “Chempionat.asia” xabarida.
Qozog‘iston professional futbol ligasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, QPFL prezidenti Oljas Abrayev O‘zPFL bosh direktori Farhod Magametov bilan uchrashuv chog‘ida o‘zaro hamkorlik hamda professional klublar o‘rtasida musobaqa o‘tkazish kabi masalalarni, shuningdek, tomonlarning o‘zaro hamkorlik memorandumini imzolash imkoniyatini muhokama qildi.
Tashrif chog‘ida QPFL prezidenti “Bunyodkor” futbol klubi bosh direktori Baxtiyor Boboyev bilan uchrashdi. Oljas Abrayev “Bunyodkor” stadioni, muzeyi va klub akademiyasini ko‘zdan kechirdi.
“Chempionat.asia”ning xabar berishicha, 1984-yilda tug‘ilgan Oljas Abrayev Qozog‘iston futbol federatsiyasi Ijroiya qo‘mitasi a’zosi, UEFA delegati, Qozog‘iston futbol federatsiyasi vitse-prezidenti, UEFA Marketing qo‘mitasi a’zosi, FIFA komissari lavozimlarida ham faoliyat olib boradi.
Izoh (0)