Adidas kompaniyasi Londonning “Chelsi” klubidan homiylik shartnomasini bekor qilgani uchun 57 million dollar oladi. Bu haqda “RBK” xabar bermoqda.
Tomonlar o‘zaro kelishuv orqali ushbu qarorga keldi. Hamkorlik 2017-yilning 30-iyunida o‘z nihoyasiga yetadi.
Adidas 2006-yildan “Chelsi”ning homiysi bo‘lib kelmoqda. Shartnomaga ko‘ra, kompaniya klubga sport kiyimlarini taqdim qiladi. 2013-yilda Adidas va “Chelsi” 2023-yilgacha mo‘ljallangan shartnomani qayta imzolagan edi.
Muddatidan avval bekor qilingan shartnoma “‘Chelsi’ klubiga Adidas raqobatchisi bilan yangi bitim tuzishga imkon beradi”, deyiladi kompaniyaning press-relizida. O‘z navbatida, shartnomaning bekor qilinishi Adidas’ning sport jamoalari bilan hamkorlikni qisqartirish bo‘yicha biznes-rejasini “amalga oshirishda davom etishda” yordam beradi.
Bloomberg’ning ma’lum qilishicha, “Chelsi”ning tovon to‘lovidan so‘ng Adidas’ning yillik sof daromadi 1 milliard dollardan oshadi. Avvalroq kompaniyaning daromadi 958 milliondan 971 million dollargacha bo‘lishi taxmin qilingandi.
Londonning “Chelsi” jamoasi rossiyalik milliarder Roman Abramovichga tegishli bo‘lib, u 2003-yilda klubni 233 million dollarga sotib olgandi. Forbes jurnalining talqiniga ko‘ra, London klubining qiymati 1,661 milliard dollarga teng bo‘lib, eng qimmat futbol klublari orasida yettinchi o‘rinda bormoqda.
Izoh (0)