Toshkent shahrida bolalar-o‘smirlar ixtisoslashtirilgan respublika olimpiya zaxirasi sport maktabida badiiy gimnastika bo‘yicha o‘tkazilgan Osiyo chempionati yakuniga yetib, g‘olib va sovrindorlar nomi ma’lum bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Xalqaro gimnastika federatsiyasi va Osiyo gimnastika uyushmasi shafeligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, Gimnastika federatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan mazkur qit’a chempionatida Osiyoning yetakchi sportchilari g‘oliblik uchun kurash olib bordi.
Uch kun davom etgan musobaqalarda shaxsiy va guruhlar o‘rtasida ko‘pkurash va alohida predmetlar yordamida mashq bajarish bo‘yicha bahslar o‘tkazildi. Shaxsiy hisobdagi ko‘pkurash bahslarida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Yelizaveta Nazarenkova kumush medalni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, u alohida predmetlar – bulavada mashq bajarishda kumush, to‘pda va halqada mashq bajarishda bronza medallarni qo‘lga kiritdi.
Osiyo chempionatida, shuningdek, Janubiy Koreya, Yaponiya, Xitoy, Qozog‘iston gimnastikachilari ham g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy oldi.
Endi ushbu sport maktabida 13–15-may kunlari badiiy gimnastika bo‘yicha Jahon kubogi bosqichi hamda Happy Caravan xalqaro turniri o‘tkaziladi.
Izoh (0)