Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Angliya Premyer-ligasining “Vest Hem” hamda “Manchester Yunayted” klublari o‘rtasidagi 35-turning kechiktirilgan uchrashuvi belgilangan vaqtdan 45 daqiqa keyinroq boshlandi. “Chempionat”ning Telegraph nashriga asoslanib xabar berishicha, bunga “Vest Hem” fanatlarining “MYu” futbolchilari joy olgan avtobusga qilgan hujumi sabab bo‘lgan.

Foto: “Isport”

Foto: “Isport”

Bellashuv 10-may kuni Toshkent vaqti bilan 23:45 da start olishi kerak edi. “Vest Hem” muxlislari manchesterlik futbolchilar joy olgan avtobusga hujum uyushtirgach, “MYu” bellashuvni biroz kechroq boshlashni so‘rab, murojaat qilgan va bu so‘rov qanoatlantirilgan.

Foto: “Isport”

Foto: “Isport”

“Bu yoqimsiz holat bo‘ldi”, — deb fikr bildirdi “Yunayted” sardori Ueyn Runi. — “Murabbiyning kayfiyati joyida emasdi, biroq biz bo‘lajak o‘yinga o‘zimizni tayyorlashimiz kerak edi. Ishonchim komilki, siz voqeaga aloqador fotosuratlarni allaqachon ko‘rib chiqqansiz. Bu mavzuni uzoq muhokama qilmoqchimasman. Bellashuv “Vest Hem” uchun katta ahamiyatga ega edi. Ishonamanki, klub mutasaddilari ham fanatlarning bu ishidan hafa bo‘ladi”, — deb Runining so‘zlaridan iqtibos keltirdi “Isport”.

Foto: “Isport”

Foto: “Isport”

O‘yindan keyin “Vest Hem” rahbariyati ham mazkur voqea yuzasidan izoh berib o‘tdi. “Rossiyskaya Gazeta” klub xo‘jayini Devid Sallivandan quyidagicha izoh keltirdi: — “Baxtga qarshi, bunday voqea stadionimizdagi so‘nggi o‘yin arafasida ro‘y berdi. Men fanatlarimizning bu qilig‘idan chuqur afsusdaman”.

Foto: Twitter / @TeleFootball

Foto: Twitter / @TeleFootball

“Vest Hem” fanatlarining bu ishi haqida “Manchester Yunayted” klubi bosh murabbiyi Lui Van Gal bosiqlik bilan javob qaytardi: — “Nima ham deyishim mumkin? Hammasini o‘zingiz ko‘rdingiz. Odamlar o‘z hissiyotlariga erkinlik berishdi. Biz Londonda ikkinchi bor o‘yin vaqtini cho‘zishga majbur bo‘ldik”, — deb gollandiyalik mutaxassisning so‘zlaridan iqtibos keltirgan “Sports.ru”.

Qayd etish kerak, Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi uchun kurash olib borayotgan jamoalar ishtirokidagi o‘yinda “Manchester Yunayted” futbolchilari 2:3 hisobida imkoniyatni boy berdi. Uchrashuvdan oldingi to‘polon “MYu” futbolchilariga ta’sir ko‘rsatdimi degan savolga bosh murabbiy Lui Van Gal quyidagicha javob berdi: — “Biz professionallarmiz. Futbolda bunday holatlar uchrab turishini va unga tayyor turish kerakligini bilamiz. O‘yinning 70-daqiqasiga qadar hisobda oldinda bora turib, yakunda 2 ta gol o‘tkazib yuborish, hech bir murabbiy uchun qoniqarli holat emas. Natijamizdan hafsalam pir bo‘ldi”.

“Gazeta.ru” xabariga ko‘ra, fanatlar hujumi vaqtida “Yunayted” futbolchilari avtobus o‘rindiqlari orasidagi tor yo‘lakdan joy olgan hamda nimalar bo‘layotganini videoga tushirishga harakat qilgan. Qayd etilishicha, fanatlar shisha idish va turli buyumlarni futbolchilar joy olgan avtobus tomon uloqtirgan. Yarim himoyachi Jessi Lingard ijtimoiy tarmoqlardan biriga bu voqea aks etgan videolardan birini joylashtirdi. Unda jamoa futbolchilari o‘zini qanday tutganini ko‘rish mumkin.

Ma’lumot uchun, “Manchester Yunayted”ga qarshi uchrashuv “Vest Hem” uy o‘yinlarini o‘tkazadigan “Apton Park — Boleyn Graund”dagi so‘nggisi edi. “TASS” nashriga ko‘ra, “Vest Hem” kelasi mavsumdan boshlab Londondagi Olimpiya stadionida to‘p suradi va klub bu arenani 99 yilga ijaraga olgan. Unga ko‘ra, jamoa stadion uchun yiliga 2,5 million funt to‘lab turadi.

Xabarda keltirilishicha, Olimpiya stadioni o‘z bag‘riga 60 ming futbol muxlisini sig‘dira oladi. “Vest Hem” 2016/17-yilgi mavsum uchun 50 ming abonementni sotuvga chiqarishi bilan, ularning barchasi sotib bo‘lingan.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
“Tez yordam mashinasi 5 yilda ikki baravarga ko‘paydi, bitta chaqiruv dorisi 640 so‘mdan 7,5 ming so‘mga oshdi”. “Daryo” tibbiyotdagi o‘zgarishlarni Namangan viloy...
Sport
Bundesliga. “Borussiya D” o‘z maydonida raqibini tor-mor etdi 
Shou-biznes
Instagram: Aeroportda dabdaba bilan kutib olingan Liil Xurramov, qo‘shiq kuylagan Abduhoshim Ismoilov, yangi raqqosalarni kashf etayotgan Yulduz Usmonova