Venesuela prezidenti Nikolas Maduro 10-may, seshanba kuni mamlakatdagi jinoiy guruhlarga rasmiylarga taslim bo‘lish va tinch yo‘l bilan qurolni topshirish uchun uch sutka vaqt berdi. Aks holda ular kuch vositasida yo‘q qilinishi bildirilgan, deya xabar beradi “RIA Novosti”.
“Kelishuvga erishishni istagan guruhlarda buning uchun 72 soat bor. Ularning faoliyatiga uzil-kesil chek qo‘yish vaqti keldi, farzandlarimiz tinch hayot kechirishga loyiq”, — deya ta’kidlagan Maduro.
Maduro taslim bo‘lishdan bosh tortgan jinoyatchilarga qarshi qurolli kuchlar, milliy politsiya, maxsus jinoiy qidiruv va xavfsizlik xizmatlarini safarbar etishni va’da qildi. 10-may kuni Karakasda “Xalqni ozod etish va himoya qilish operatsiyasi”ning navbatdagi bosqichi boshlandi va uning natijasida qarshilik ko‘rsatgan to‘qqiz nafar jinoyatchi o‘ldirildi.
Izoh (0)