Futbol bo‘yicha Eron milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Karlush Keyrush o‘z xohishiga ko‘ra iste’foga chiqishga yaqin. Bu haqda “Stadion.uz” Eronning Tehran Times nashriga asoslanib xabar berdi.
Eron milliy terma jamoasini 2011-yildan buyon boshqarib kelayotgan Karlush Keyrushning shartnomasi 2018-yilga qadar davom etishi kerak. Biroq mutaxassis Eron sport rahbarlari terma jamoani qo‘llab-quvvatlamayotgani sababli, mamlakat futbol federatsiyasi bilan kelisha olmayapti.
Eron futbol federatsiyasiga yangi prezident tayin qilinganidan keyin, Karlush Keyrush Facebook’dagi sahifasida quyidagicha post qoldirgan:
“Qadrli, do‘stlar, Eron futbol federatsiyasining yangi prezidenti lavozimini egallagan janob Tajni tabriklayman va boshqaruvda unga omadlar tilayman. So‘nggi yillar davomida Eron milliy terma jamoasi va mamlakat futboli muammolarini hal qilishda janob Taj bilan birga ishlaganimdan xursandman.
Endi esa men janob Tajdan iste’fom haqidagi so‘rovimni tezroq qabul qilishini so‘rayman. Bu terma jamoa taqdiri borasida yangi rejalar tuzish yo‘lida muhim ahamiyatga ega. FIFA reytingida Osiyoning eng yaxshi jamoasi bo‘lib turgan Eron termasini Jahon Chempionati saralash o‘yinlariga tayyorlash yo‘lida bu muhim qaror bo‘ladi.
Hurmat va ehtirom ila, Karlush Keyrush”.
Ma’lumot uchun, Eron milliy terma jamoasi JCh—2018 3-saralash bosqichida O‘zbekiston termasi bilan bir guruhdan joy olgan. Keyrush boshqaruvida Eron termasi O‘zbekistonga qarshi 3 ta o‘yinda ishtirok etgan va shularning 2 tasida Toshkentdan g‘alaba bilan qaytgan.
Qayd etish kerak, Karlush Keyrush Eron milliy terma jamoasi bilan Braziliyada bo‘lib o‘tgan JCh—2014 da ishtirok etgandi.
Izoh (0)