Germaniya chempioni — “Bavariya” Portugaliyaning “Benfika” klubi yarim himoyachisi Renatu Sancheshni 35 million yevro evaziga xarid qildi. Bu haqda myunxenliklar rasmiy saytiga tayanib, “TASS” xabar bermoqda.
18 yoshli portugaliyalik futbolchining myunxenliklar bilan shartnomasi 2020/21-yilgi mavsum yakuniga qadar mo‘ljallangan. Kelishuvga ko‘ra, Sanchesh “Bavariya”da muvaffaqayatli ishtirok etsa, “Benfika” turli bonuslarga ega bo‘ladi.
“‘Bavariya’ futbol klubi uzoq vaqt davomida Renatu Sanchesh o‘yinlarini kuzatib bordi. Boshqa klublar bilan bo‘lgan raqobatga qaramay, biz u bilan shartnoma imzolaganimizdan xursandmiz”, – dedi “Bavariya” klubi boshqaruv raisi Karl-Xayns Rummenigge.
Avvalroq ingliz nashrlari 18 yoshli futbolchiga “Manchester Yunayted” jamoasi 40 million yevro taklif qilgani, ammo “Benfika” ushbu taklifni rad etgani haqida ma’lum qilgandi.
Renatu Sanchesh “Benfika” jamoasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Joriy mavsumda u 33 o‘yinda maydonga tushib, ikkita gol kiritishga muvaffaq bo‘lgan.
Izoh (0)