Futbol bo‘yicha Italiya A seriyasining 37-turida Turinning “Yuventus” klubi mag‘lubiyat alamini totib ko‘rdi. Muddatidan avval chempionlik masalasini hal etgan Massimiliano Allegri jamoasi, A seriya bilan muddatidan avval xayrlashgan “Verona” maydonida imkoniyatni boy berdi.
Mazkur bellashuv 26-may kuni 40 yoshni qarshi oladigan mashhur italiyalik hujumchi Luka Toni uchun karyerasidagi so‘nggisi edi. Uchrashuvning 43-daqiqasida aynan Toni penaltidan hisobni ochib berdi va bu gol “Verona”ning g‘alabasiga hissa qo‘shdi.
Ma’lumot uchun, Toni joriy mavsum “Verona” safida 23 ta o‘yin o‘tkazib, 6 ta gol urishga erishdi. Bir yil muqaddam esa 22 ta gol urib, A seriya to‘purarligini qo‘lga kiritgandi.
Italiya A seriyasida kumush medallar masalasi so‘nggi turda hal bo‘ladi. Bu yo‘lda kurash olib borayotgan “Napoli” va “Roma” klublari 37-turda zafar quchdi. “Roma” o‘z maydonida “Kyevo”ni yirik hisobda mag‘lub etgan bo‘lsa, “Napoli” Turindan g‘alaba bilan qaytdi.
So‘nggi turda qanday natija qayd etilsa ham, Milanning “Inter” klubi 4-o‘rinda qoladi. Xalqaro maydonga yo‘llanma beruvchi keyingi ikki pog‘onadan biri “Fiorentina”ga nasib qiladi. Yana bitta yo‘llanma uchun “Milan” hamda “Sassuolo” klublari kurash olib boradi.
37-turning eng qiziqarli o‘yini “Karpi” maydonida bo‘lib o‘tdi. Bosh hakam “Latsio” darvozasiga ikkita penalti tayin qilganidan tashqari, rimliklarning 2 ta o‘yinchisini maydondan chetlatdi. Shunga qaramay, mehmonlar safardan g‘alaba bilan qaytdi.
Liga debyutanti hisoblangan “Frozinone” bitta mavsumning o‘zidayoq A seriya bilan xayrlashdi. Quyi ligaga ravona bo‘ladigan uchinchi klub nomiga 38-turda oydinlik kiritiladi. “Palermo” hisobida 36, “Karpi”da 35 ochko bor. So‘nggi turda “Palermo” o‘z maydonida “Verona”ni qabul qilsa, “Karpi” safarda “Udineze” mehmoni bo‘ladi.
Italiya A seriyasi 37-tur bellashuvlari 9-may, yakshanba
Izoh (0)