London meri lavozimidagi oxirgi kunida, velosiped supermagistrali ochilishi marosimida Boris Jonson shaharliklarni uni ikki karra ketma-ket saylagani uchun minnatdorchilik bildirdi, lekin shu paytning o‘zida bir kishidan haqorat eshitdi. Bu haqda u LBC radiosiga bergan intervyusida gapirib berdi, deb xabar qiladi “Interfaks”.
Boris Jonsonning mer sifatidagi vakolati 2016-yilning 5-may kuni yakuniga yetdi. O‘sha kuni Blekfriars ko‘prigi ustida velosiped magistralining ochilish marosimi bo‘lib o‘tgan edi.
“Men hozirgina supermagistral silsilasining ochilishidan kelyapman. U yerda yuzlab velosipedchi bor edi, ular darhaqiqat ruhlangan edi. Men kamera qarshisida turib yo‘nalishning ochilishidan naqadar mamnun ekanligimni gapirayotgandim, shu payt yonimdan o‘tib ketgan bir velosipedchi ‘tentak’ deb luqma tashladi”, — dedi siyosatchi.
Jonson bu vaziyat Londonning naqadar liberal shaharligini ko‘rsatishini ta’kidladi, negaki boshqa shaharlarda “odamlar bunday ishga jur’at eta olmas edi”.
Izoh (0)