Suriyada mamlakat ichida ko‘chirilgan kishilar lagerining bombardimon qilinishi harbiy jinoyat deb baholanishi mumkin. Bunday nuqtai nazarni BMTning inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Zayd Raad al-Husayn Jenevada aytib o‘tdi, deb yozadi “TASS”.
“Men Suriya shimoli-g‘arbida, Turkiya chegarasi yaqinidagi Sarmadada lagerlar bombardimon qilinganini so‘zsiz qoralayman”, — dedi al-Husayn.
Uning ta’kidlashicha, ushbu lagerlar bu joyda bir necha haftalardan beri turibdi, shu tufayli “qirg‘inli hujumlar tasodif bo‘lganligi amri mahol”. “Ular qasddan uyushtirilgani va harbiy jinoyatlarga taalluqli ekanligi ehtimoli ko‘proq”, — deya o‘z fikriga yakun yasadi BMTning inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari.
Uning so‘zlariga ko‘ra, “dastlabki xabarlar hujumlarni Suriya hukumati uyushtirgani haqida ma’lum qilgan, ammo bularning barchasi hali tekshirilishi kerak”.