O‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatiga tayyorgarlik ko‘rayotgan O‘zbekiston U-16 terma jamoasi Birlashgan Arab Amirliklarida navbatdagi yig‘inni o‘tkazmoqda, deb xabar beradi “Championat.asia”.
Temur Olimxo‘jayev boshchiligidagi terma jamoa Dubay shahrida bo‘ladigan ushbu yig‘in doirasida o‘zbekistonlik o‘smirlar Birlashgan Arab Amirliklari o‘smirlar terma jamoasiga qarshi ikkita nazorat uchrashuvi o‘tkazishi rejalashtirilgan.
O‘rtoqlik uchrashuvlarining dastlabkisi kecha, 5-may kuni bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston futbol federatsiyasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, O‘zbekiston U-16 termasi 75-daqiqada Abdulhay Ismoilov tomonidan urilgan yagona gol evaziga g‘alaba qozondi. Ikkinchi o‘yin 7-may kuni bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.
O‘rtoqlik uchrashuvi
05.05.2016. Dubay, BAA
BAA U-16 — O‘zbekiston U-16 0:1
Gol: Abdulhay Ismoilov (75)O‘zbekiston: Jo‘rayev, Abdullayev, Xoldorov, Karimov, Kamolov, Urunov, Azizxo‘jayev, Soatov, Azimov, Yo‘ldoshev, Abdumannopov.
Zaxira: Ne’matov, Xayrullayev, Ismoilov, Abdusattorov, Parpiyev, Turg‘unboyev, Abdurahmonov, Namozov, Safutdinov, Kuyliboyev.
Ma’lumot uchun, 16 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo chempionati 2016-yilning 15-sentabridan 2-oktabriga qadar Hindistonda bo‘lib o‘tadi.
Izoh (0)