3-may, seshanba kuni Nyu-York fond birjasida Twitter kompaniyasi aksiyalari narxi rekord darajada tushib ketdi. Ularning qiymati uch foizga pasayib, donasi 13,9 dollarni tashkil etdi. Bu haqda “Interfaks” xabar beradi.
Kompaniya aksiyalari 2013-yilning noyabr oyida, Twitter qimmatli qog‘ozlari birjaga joylashtirilgan vaqtdagina ushbu ko‘rsatkichni tashkil etgan edi. Ekspertlarning baho berishicha, faqat shu yil ichida Twitter aksiyalari 39 foizga, kompaniya tarixida esa 65 foizdan ko‘proq arzonlashgan.
Amerika OAVlari bu holatni ijtimoiy tarmoqning foydalanuvchilar soni va moliyaviy ko‘rsatkichlari yuzasidan investorlarning hafsalasi pir bo‘lganligi bilan bog‘lamoqda.
O‘tgan oy oxirida kompaniya taqdim etgan hisobotda 2016-yilning birinchi choragida daromad 36 foizga o‘sib, 594,5 million dollarni tashkil etganligi ma’lum qilingan edi. Shunga qaramasdan, bu ko‘rsatkich tahlilchilar tomonidan 607,8 million daromad haqidagi bashoratlarni oqlamadi.
Izoh (0)