Futbol bo‘yicha Argentina terma jamoasi bosh murabbiyi Xerardo Martino hujumchi Lionel Messi Amerika Kubogi–2016 turnirida ishtirok etishini tasdiqladi, deb xabar bermoqda “Chempionat”.
“Barselona” hujumchisi musobaqa oldidan sudda ko‘rsatma beradi, ammo bu uning terma jamoasi safida Amerika Kubogi–2016 turnirida qatnashishiga xalal bermaydi.
“Messi terma jamoa ixtiyorida bo‘ladi, keyin esa sudda ko‘rsatma berish uchun safar uyushtiradi. Ushbu masalaga uning o‘zi ham, bunga aloqador boshqa shaxslar ham ta’sir o‘tkaza olmadi. 2-iyun kuni u ko‘rsatma beradi. Ungacha Messi terma jamoa qarorgohida bo‘lishi kerak”, – dedi Martino.
Messi uchta soliq jinoyatlarida ayblangani uchun 2-iyun kuni Ispaniyada sudda ko‘rsatma berishi kerak. Avvaliga sud ishi 4 kungacha cho‘zilishi va Messi turnirning 1-turidagi Chiliga qarshi 6-iyun kuniga belgilangan o‘yinni o‘tkazib yuborishi mumkinligi ma’lum qilingan.
Ma’lumot uchun, Amerika Kubogi–2016 turniri 3–26-iyun kunlari AQShda o‘tkaziladi.
Avvalroq Lionel Messi Rio–2016 Olimpiada o‘yinlarining futbol turnirida ishtirok etmasligi xabar qilingandi.
Izoh (0)