Futbol bo‘yicha Osiyo Chempionlar Ligasi guruh bosqichini muvaffaqiyatsiz yakunlashi muddatidan avval aniq bo‘lgan Toshkentning “Bunyodkor” klubi ertaga, 4-may kuni Qatarning “Lahviya” klubiga qarshi javob o‘yinida maydonga tushadi.
3-may kuni “Bunyodkor” klubi bosh murabbiyi Sergey Lushchan o‘yinoldi matbuot anjumanida ishtirok etdi, deb xabar berdi “Championat.asia” sayti.
“Bunyodkor” ustozi gapni Qatarda bo‘lib turganidan xursand ekanligini aytishdan boshladi va “Lahviya”ga qarshi o‘yin uning jamoasi uchun musobaqadagi so‘nggisi ekani haqidagi ma’lumotni jurnalistlarga taqdim etdi: — “Biz to‘g‘ri va istiqbolli yo‘ldamiz. Tarkibimizdagi aksariyat futbolchilar ikki yil oldin yoshlar terma jamoasida, o‘tgan yili olimpiya termasida o‘ynadi. Bu mavsumga kelib, milliy terma jamoa safida to‘p suryapti. Futbol maktabimiz yaxshi ishlayotganini 2015-yil yakunlariga ko‘ra OFK ham e’tirof etdi. Biz yangi nomlarni kashf etishdan aslo chekinmaymiz”, — deb fikr bildirdi Sergey Lushchan.
Ma’lumot uchun, mutaxassis istiqbolli yo‘lda ekanini aytgan jamoa Osiyo Chempionlar Ligasining qatorasiga ikki mavsumida guruhdan chiqa olmadi. Qo‘shimchasiga, guruh bosqichining Toshkentda o‘tgan so‘nggi olti o‘yinida uning jamoasi raqib darvozasiga gol urmadi.
Sergey Ivanovichning fikriga ko‘ra, “Lahviya”ning guruhdan chiqib bo‘lgani va “Bunyodkor” bor e’tiborini ichki chempionatga qaratishni boshlagani ertangi bellashuvning qiziqarli va ochiq ruhda kechishiga sabab bo‘ladi. Qayd etish kerak, musobaqaning “B” guruhida 6-tur o‘yinlari rasmiyatchilik yo‘lida o‘tkaziladi va ularda qanday natija qayd etilishidan qat’iy nazar, turnir jadvalidagi jamoalar o‘rni o‘zgarishsiz qoladi.
Matbuot anjumaniga Sergey Lushchan bilan birgalikda tashrif buyurgan Otabek Shukurov g‘alaba uchun maydonga tushajaklarini ma’lum qildi: — “Hamma yigitlar bahsga tayyor. Hech bo‘lmaganda guruhning so‘nggi o‘yinida zafar quchishga harakat qilamiz”, — deb aytib o‘tdi Otabek Shukurov.
“Bunyodkor” Osiyo Chempionlar Ligasining 2016-yilgi mavsumida 2015-yilgisiga qaraganda yaxshiroq ishtirok etdi. Bir yil muqaddam klub guruh bosqichining 5 ta o‘yinida mag‘lub bo‘lib, 1 tasida durang o‘ynagan bo‘lsa, joriy mavsum 3 tasida mag‘lub bo‘lib, 2 ta durang o‘ynab ulgurdi.
2016-yilning 3-may holatiga ko‘ra “Bunyodkor” Chempionlar Ligasida qatorasiga ikki mavsum O‘zbekiston nomidan ishtirok etayotgan va guruh bosqichida zafar qucha olmagan yagona jamoa bo‘lib turibdi.
“Bunyodkor” Qatarning “Lahviya” klubi bilan hozirga qadar 3 ta o‘yinda maydonga tushgan bo‘lib, har uchalasida ham imkoniyatni boy bergan. O‘z darvozasidan umumiy hisobda 4 ta to‘p olib chiqib, raqib postiga bir marta ham yo‘l topa olmagan.
Izoh (0)