Futbol bo‘yicha Ispaniya La Ligasining “Malaga”ga qarshi o‘yinida maydonga ikkinchi to‘pni qasddan tashlab yuborgan “Atletiko” klubi bosh murabbiyi Diyego Simeone uch o‘yinga chetlatilgandi. Unga ko‘ra, mutaxassis “Atletiko” ishtirokidagi uchta bellashuvni tomoshabinlar qatorida kuzatishi kerak edi, deb yozdi “Sports.ru”.
Qoidaga ko‘ra, murabbiy chetlashtirilgach, o‘yin vaqtida jamoasi bilan muloqotga kirisha olmaydi. Mana shu taqiqqa qaramay, Diyego Simeone “Rayo Valyekano” bilan uchrashuv vaqtida bu talabni buzgan. Fotoda Simeonening oldida darvozabonlar murabbiyi Pablo Verselone o‘tirganini ko‘rish mumkin. Uning quloqlarida esa masofadan turib so‘zlashish mumkin bo‘lgan moslama bor.
Xuddi shu moslama “Atletiko” klubi sardori Gabi Fernandesda ham bor ekanligi suratga olingan. Bundan kelib chiqadiki, Diyego Simeone o‘yin vaqtida jamoasi bilan aloqaga kirishishga harakat qilgan.
Agar Ispaniya Futbol Federatsiyasi mavjud vaziyatni o‘rganib chiqib, Diyego Simeoneni aybdor deb topsa, u 4 tadan 20 tagacha o‘yinga chetlatilishi mumkin. Bu deyarli yarim yil davomida Simeone o‘yinlarni tomoshabinlar qatorida kuzatishi kerak, degani.
Madrid klubi boshqaruvi direktori Klement Valverde vaziyatga bittagina gap bilan izoh berdi: — “Men aytishim mumkin bo‘lgan yagona narsa — Simeone quloqchinlardan foydalanmagan”.
Izoh (0)