O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi hamda BMT Taraqqiyot dasturining qo‘shma loyihasi — “O‘zbekiston biznes-forumi (III bosqich)” mahalliy o‘ziga xosliklarni inobatga olgan holda zamonaviy intensiv olma bog‘larini yaratish borasida amaliy qo‘llanma yaratdi. O‘zbekiston fermerlari orasida shu mavzuda treninglar o‘tkazish rejalashtirilmoqda, deb xabar beradi “Gazeta.uz”.
Olmalar O‘zbekistondagi barcha bog‘larning 44 foiz maydonini qoplaydi. 261,8 ming gektar yerdan 120,5 ming gektarini po‘choq urug‘li daraxtlar egallagan, shulardan 95 foizi olmalardir. Olmaning keng tarqalishi uning turli sharoitlarga yuqori moslashuvchanligi, serhosilligi, mevaning foydali xislatlari hamda tijoriy qiymati bilan tushuntiriladi.
Olma yetishtirish bo‘yicha qo‘llanma intensiv bog‘lar yaratishning samarador texnologiyalari haqidagi ma’lumotlarni o‘zida mujassam etadi. Fermerlarga yordam tariqasida broshyurada 1 gektar hududda olmazor yaratish bo‘yicha biznes-reja keltirilgan.
Qo‘shimcha ravishda olmaning asosiy navlari, kasallik va zararkunandalar hamda ularga qarshi kurash yo‘llari haqida kartochkalar ishlab chiqildi. Illyustrativ kartochkalarni har doim cho‘ntakda olib yurish hamda ulardan foydalanish imkoniyati bo‘ladi.
Broshyura Sasol kompaniyasi vakolatxonasi hamda Germaniya iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish federativ vazirligining “O‘zbekiston Respublikasining alohida mintaqalarida iqtisodiyotni rivojlantirishga ko‘maklashish” (GIZ) loyihasi moliyaviy ko‘magida chop etiladi. Materiallar o‘zbekistonlik fermerlar orasida bepul tarqatiladi.
Izoh (0)