Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi “Allyur” ot sporti klubida ot sporti bo‘yicha jahon kubogining Markaziy Osiyo ligasi birinchi saralash bosqichi boshlandi, deb xabar beramoqda O‘zA.
Xalqaro ot sporti federatsiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi hamda O‘zbekiston ot sporti federatsiyasi tomonidan tashkil etilgan musobaqada O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistondan jami 30 nafardan ortiq sportchi g‘oliblik uchun bahs olib bormoqda.
Musobaqaning shaxsiy bellashuvlarida chavandozlar konkur – to‘siqlardan ot sakratish yo‘nalishi bo‘yicha bahslashmoqda. Dastlabki kuni chavandozlar 130 santimetr balandlikdan ot sakratish bo‘yicha o‘z mahoratini namoyish etdi.
28 chavandoz orasida o‘zbekistonlik tajribali sportchi Abdushukur Sobirjonov “Remteker” laqabli tulporida 55,92 soniya natija qayd etib, birinchi o‘rinni egalladi. Qozog‘istonlik Azamat Hasenov “Kamelot” laqabli otida 58,05 soniya natija bilan ikkinchi, “Rizana” laqabli oti bilan 60,57 soniya natija ko‘rsatgan boshqa bir o‘zbekistonlik sportchi Mirrauf Odilov uchinchi o‘ringa munosib deb topildi.
Ikki bosqichli bahslarda O‘zbekiston vakili Nurjon Tuyaqboyev barcha raqiblaridan kuchli ekanini namoyish qilib, birinchi o‘rinni egalladi.
Izoh (0)