“O‘zbekkino” Milliy agentligi va Gyote instituti Toshkent filialining “Shum bola” bolalar va yoshlar uchun III o‘zbek va nemis kinolari festivali 28-aprel—1-may kunlari Toshkent shahridagi Alisher Navoiy nomidagi kinosaroyda, 3—5-may kunlari Farg‘ona shahridagi Teatr va konsert saroyi hamda San’at kolleji zalida tashkil etiladi. Bu haqda “O‘zbekkino” Milliy agentligi matbuot xizmati “Daryo”ga xabar berdi.
Shu munosabat bilan, joriy yilning 28-aprel kuni soat 14:00 da Alisher Navoiy nomidagi kinosaroyda tadbir tashkilotchilari va mehmonlar ishtirokida festivalning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda “O‘zbekkino” Milliy agentligi bosh direktori Otabek Musayev va Gyote instituti direktori Yuliya Xanske so‘zga chiqdi.
Mazkur festivalning ahamiyatli tomoni shundaki, unda germaniyalik kinoijodkorlar tomonidan yaratilgan badiiy mahsulotlar bilan bir qatorda o‘zbek kinematografchilarining ham ijod mahsullari namoyish etiladi.
Jumladan, “Ayiqcha”, “Ochko‘z xo‘roz”, “Doniqishloq hangomalari”, “Sarishtali uy – farishtali uy”, “Bor baraka”, “Jasur tipratikon”, “Birlashgan o‘zar”, “Oq tovuq”, “Shiroq haqida afsona” va “Sohibjamol qo‘g‘irchoq” multfilmlari har bir seanslardan oldin namoyish etilishi ko‘zda tutilgan.
Bolalar va yoshlar uchun “Shum bola” III o‘zbek va nemis kinolari festivalining dasturi:
28-aprel14:30 – “Qarsildoq va qirol”
29-aprel11:00 – “Rikko, Oskar va samimiy taom”14:30 – “Raffini qutqarish!”
30-aprel11:00 – “Sharpa ovchilari”14:30 – “Vinnetuning o‘g‘li”17:00 – “Mening qizim Anne Frank”
1-may11:00 – “Klara va ayiqlar siri”14:30 – “Yo‘qolgan aka”
Kinofestival doirasidagi barcha namoyishlar Alisher Navoiy nomidagi kinosaroyda bo‘lib o‘tadi. Namoyishlarga kirish bepul. Nemis tilidagi filmlar ruscha titrlar bilan ko‘rsatiladi.
Izoh (0)