2016-yilning 13—30-oktabr kunlari Bahraynda 19 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida bo‘lib o‘tadigan Osiyo chempionatiga tayyorgarlik ko‘rayotgan Jasur Abduraimov boshchiligidagi O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi Saudiya Arabistonining Al-Xobar shahrida o‘tkazilayotgan yig‘in doirasida Saudiya Arabistoniga qarshi birinchi o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushdi. Bu haqda O‘zbekiston futbol federatsiyasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Kecha, 28-aprel kuni bo‘lib o‘tgan o‘yinda Saudiya Arabistoni yoshlar terma jamoasi 3:2 hisobida O‘zbekiston U-19 termasidan ustun keldi.
O‘yinning to‘rtinchi daqiqasidayoq 11 metrlik jarima to‘pini amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘lgan saudiyaliklar hisobni ochdi. Oradan 20 daqiqa o‘tib, hisobdagi farq ikkitaga yetdi – 2:0.
O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi hisobni ikkinchi bo‘limning 59-daqiqasida Sharof Muhitdinov kiritgan gol evaziga qisqartirishga erishdi. Uchrashuvning 72-daqiqasida Saudiya Arabistoni yoshlari yana bir bor penalti tepish imkoniga ega bo‘ldi va uni aniq amalga oshirdi. 79-daqiqada esa Bobir Abduxoliqov uchrashuvdagi so‘nggi golni kiritdi – 3:2.
Jamoalar o‘rtasidagi ikkinchi o‘rtoqlik o‘yini 30-aprel, shanba kuni bo‘lib o‘tadi.
O‘rtoqlik uchrashuvi
28.04.2016, Al-Xobar
Saudiya Arabistoni U-19 – O‘zbekiston U-19 3:2
O‘zbekiston gollari: Sharof Muhitdinov (59), Bobir Abduxoliqov (79)O‘zbekiston U-19: Umid Hamroyev, Husniddin G‘ofurov, Islom Qobilov, Xojiakbar Alijonov, Aziz G‘aniyev, Ilhom Alijonov, Nurillo To‘xtasinov, Sharof Muhitdinov, Suxrob Nurillayev, Sanjar Qodirqulov, Bobir Abduxoliqov.
Zaxira: Umid Ergashev, Jasur Yaxshiboyev, Behzod G‘anijonov, Islom Kenjaboyev, Abduqodir Ortiqov, Tursun Rahimberdiyev, Bilol Toshmirzayev, Mirjahon Mirhamdamov, Oybek Rustamov, Usmonali Usmonaliyev.
Izoh (0)