Facebook uch yil davomida kompaniya rahbari Mark Sukerbergning xavfsizligini ta’minlashga 12 million dollar sarfladi. Bu haqda Bloomberg xabar bermoqda.
Ijtimoiy tarmoq vakillarining so‘zlariga qaraganda, Sukerberg doimo tahdidlarga duchor bo‘ladi, shu bois uning San-Fransiskodagi uyi himoya tizimiga hamda sayohatlar payti birga yuradigan tan soqchilar jamoasiga millionlab dollar sarflanadi. Jamoaga Maxfiy xizmatning muqaddam AQSh prezidenti Barak Obamaga soqchilik qilgan sobiq xodimi rahbarlik qiladi.
2013-yilda Sukerbergning himoyasiga 2,65 million, 2014-yilda 5,6 million, 2015-yilda esa 4,26 million dollar sarflandi. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha Sukerberg Standard & Poor’s agentligining reytingida birinchi o‘rinni egalladi. Ikkinchi o‘rinda Oracle kompaniyasi asoschisi Larri Ellison turibdi — uning xavfsizligini ta’minlashga 2015-yilda 1,53 million dollar sarflandi.
Izoh (0)