O‘zbek futboli fidoyilaridan biri Vitaliy Suyunov 23-aprel, shanba kuni 79 yoshida vafot etdi. Bu haqda O‘zbeksiton futbol federatsiyasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
“Paxtakor” afsonalaridan biri bo‘lgan Vitaliy Suyunov ushbu jamoa safidagi faoliyatini 1960-yilda boshlagan. U sakkiz mavsum davomida “Paxtakor” sharafini himoya qilgan va jamoaning asosiy himoyachilaridan biri sifatida ko‘plab o‘yinlarda maydonga tushgan. Birgina chempionat doirasida Vitaliy Suyunov “Paxtakor” tarkibida 200 dan ortiq o‘yinda ishtirok etgan. Shuningdek, mamlakat kubogi va ko‘plab xalqaro musobaqalarda qatnashgan.
Futbolchilik faoliyatini yakunlagach, Vitaliy Suyunov murabbiy sifatida ish boshladi. U 1969-yilda murabbiy sifatida faoliyatini “Paxtaorol” jamoasida boshladi. 30 yildan ortiq davom etgan murabbiylik faoliyati davomida u O‘zbekistonning ko‘plab jamoalarida ish olib bordi. Mamlakatning turli yoshdagi terma jamoalari bilan ham ishladi. Uning faoliyatidagi eng yorqin davr sifatida “Paxtakor” safida o‘ynagan yillari yodga olinadi.
Izoh (0)