Joriy yilning 21–30-aprel kunlari Toshkent shahridagi “O‘zbekiston” sport saroyida og‘ir atletika bo‘yicha Rio–2016 Olimpiada o‘yinlariga yo‘llanmalar o‘ynaladigan Osiyo chempionati bahslari o‘tkazilmoqda. Mazkur qit’a chempionatini bevosita kuzatish maqsadida O‘zbekistonga tashrif buyurgan Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi prezidenti Tomash Ayan kecha, 25-aprel kuni O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasiga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda tashkilot matbuot xizmati.
“Uch yil avval Toshkentga kelganimda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasining yangi binosi qad rostlashi haqida eshitgan edim. O‘tgan qisqa fursatda mana shunday ajoyib inshootning bunyod etilgani tahsinga loyiq. Bu ham o‘z navbatida O‘zbekistonda olimpiya harakati qay darajada taraqqiy etayotganligining yorqin ifodasidir”, – deya o‘z taassurotlarini izhor qildi Tomash Ayan.
Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi rahbari dastlab Milliy olimpiya qo‘mitasining muzeyini ko‘zdan kechirdi. Muzeydan joy olgan eksponatlar, kubok va medallar, Olimpiada o‘yinlarida g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarilgan o‘zbekistonlik sportchilarning fotosuratlari Tomash Ayanda katta qiziqish uyg‘otdi.
Shundan so‘ng, Tomash Ayan O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Oybek Qosimov bilan muzokara o‘tkazdi.
“O‘zbekiston bugungi kunda nafaqat xalqaro maydonlarda qo‘lga kiritilayotgan muvaffaqiyatlari, balki har qanday sport musobaqasini yuksak darajada tashkil etish borasida ham ko‘pchilikka o‘rnak bo‘lyapti. Birgina og‘ir atletika bo‘yicha Osiyo chempionatining yuqori darajada tashkil etilganligi ham yuqoridagi fikrimning isboti bo‘la oladi. Ayni paytda, butun dunyoda bo‘lgani kabi, O‘zbekistonda ham Rio-de-Janeyro shahrida o‘tkaziladigan XXXI yozgi Olimpiada o‘yinlariga qizg‘in hozirlik ko‘rilyapti. Men mazkur Olimpiada o‘yinlarida ham sportchilaringizga ulkan zafarlar tilab qolaman”, – dedi Tomash Ayan.
Tashrif so‘nggida Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi rahbariga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Izoh (0)