O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Samvel Babayan Oliy Ligada ishtirok etayotgan 14 ta klubning bosh murabbiylari bilan uchrashdi, deb xabar beradi O‘zbekiston futbol federatsiyasi matbuot xizmati.
JCh–2018 saralash bosqichining so‘nggi bosqichi oldidan hamkasblari bilan davra suhbatini tashkil qilgan Babayan Oliy Liga klublaridagi murabbiylarning yordamisiz milliy terma jamoa muvaffaqiyatga erisha olmasligini ta’kidladi.
“Ikkinchi saralash bosqichi oldidan uchrashgan edik. O‘shanda terma jamoalar shtabi murabbiylarning fikrini aytgan edi. Terma jamoa atrofida birlashganimiz natijasida O‘zbekiston guruhda birinchi o‘rinni egalladi. Bu muvaffaqiyatda murabbiylarning, ishqibozlarning va OAV vakillarining o‘rni beqiyosdir”, – dedi Samvel Babayan.
Samvel Babayan Oliy Liga klublari murabbiylariga milliy terma jamoaning keyingi rejalari haqida gapirib, nomzod futbolchilarni qo‘llab-quvvatlashda ulardan yordam so‘radi.
Milliy terma jamoa bosh murabbiyi uchrashuvda terma jamoaga nomzod bo‘lgan futbolchilar haqida murabbiylarning fikrini ham tingladi.
Ta’kidlash kerakki, JCh–2018 saralashining uchinchi bosqichiga yo‘l olgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi ushbu bosqich uchrashuvlariga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida 1–7-iyun kunlari Avstriyada o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazadi. Ushbu yig‘in doirasida Kanada terma jamoasiga qarshi nazorat uchrashuvi o‘tkazish borasida kelishuvga erishilgan. O‘yin 7-iyun kuni bo‘lib o‘tadi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston milliy terma jamoasi Rossiyada bo‘ladigan Jahon chempionati saralashining yakuniy bosqichi o‘yinlarini 2016-yilning 1-sentabr kuni Toshkentda, Suriyaga qarshi o‘yin bilan boshlaydi.
Izoh (0)