Britaniya parlamentidagi Big-Ben nomi bilan mashhur Yelizaveta minorasi soati ta’mir ishlari o‘tkazish maqsadida bir necha oyga to‘xtatib qo‘yiladi. Bu haqda, parlamentning jamoat palatasi bayonotiga asoslanib, “TASS” xabar bermoqda.
Londonning ramzlaridan biriga aylanib qolgan soatni ta’mirlash ishlari 2017-yildan boshlanib, uch yil davom etadi. Bunga 29 million funt sterling (42 million dollar) ajratiladi. Shu pullar hisobidan, ta’mirdan tashqari, minora tepasiga tez va xavfsiz chiqish uchun lift, elektr tejash uchun yorug‘lik-diodli yoritkich o‘rnatiladi.
Restavratorlar, shuningdek, g‘ishtlarda hosil bo‘lgan tirqishlarni va tom qoplamasidagi yemirilishni bartaraf qilish bilan shug‘ullanadi.
96 metr balandlikka ega Big-Ben minorasi angliyalik me’mor Ogastes Pyujins loyihasi asosida 1858-yilda qurib bitirilgan. Viktoriya asri yodgorligi bo‘lgan bino YuNESKOning butunjahon merosi obyektlari sirasiga kiradi. U 2012-yilga qadar Vestminster saroyi qo‘riqchi minorasi deb yuritilar edi. Yelizaveta II ning hukmronligiga 60 yil to‘lishi munosabati bilan Big-Benga qirolichaning nomi berildi.
Izoh (0)