“Sports.ru” blogeri Aleksey Merenkov Yevropaning kuchli beshlik chempionatlarida (Angliya, Ispaniya, Germaniya, Fransiya va Italiya) ishtirok etayotgan futbolchilarning joriy mavsum boshidan buyon hozirgi kunga qadar rasmiy musobaqalarda eng ko‘p gol kiritgan futbolchilar haqida ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, “Barselona” hujumchisi Luis Suaresning joriy mavsumdagi gollari soni 53 tani tashkil qilmoqda va u to‘purarlar ro‘yxatida peshqadam bo‘lib turibdi.
Ispaniya chempionatining so‘nggi ikki turida (“Deportivo” – 8:0, “Sporting Xixon” – 6:0) to‘rttadan gol kiritgan urugvaylik futbolchi La Ligadagi gollari sonini 34 taga yetkazib, u yerda ham peshqadamlikni qo‘lga oldi. Buning uchun unga 32 ta o‘yin kerak bo‘ldi.Yevropa Chempionlar Ligasida Suares 9 o‘yinda 8 ta gol kiritdi. Shuningdek, 29 yoshli hujumchi Ispaniya Kubogi bahslarida 5 ta, klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida 5 ta hamda Urugvay termasi safida 1 ta gol kiritishga muvaffaq bo‘lgan.“Real” yetakchisi Krishtianu Ronaldu urugvaylik futbolchiga nisbatan kamroq turnirlarda ishtirok etgan bo‘lsa-da, mavsum davomida 47 ta golga mualliflik qilgan. Portugaliyalik 31 ta golni Ispaniya chempionatining 34 ta o‘yinida, qolgan 16 ta golni Yevropa Chempionlar Ligasining 10 ta o‘yinida urgan.Kuchli beshlikdan, shuningdek, “PSJ” hujumchisi Zlatan Ibragimovich (42 ta gol), “Barselona” yetakchisi Lionel Messi (40 ta gol) hamda “Bavariya” forvardi Robert Levandovski (38 ta gol) joy olgan.
Izoh (0)