Buyuk Britaniyada tibbiy muassasalarning yosh xodimlari ish tashlashi tufayli 125 mingdan ortiq operatsiya va shifokor qabuli bekor qilindi. Mamlakatdagi har uchinchi kasalxona hozirning o‘zida qaltis vaziyatda ekanligi bildirilmoqda, deya xabar beradi “RIA Novosti”.
The Telegraph manbalariga ko‘ra, 26—27-aprel kunlariga mo‘ljallangan 48 soatli ish tashlash davomida Britaniya tibbiyot assotsiatsiyasi a’zolari sanaladigan yosh shifokorlar (mehnat staji 10 yildan oshmaganlar shu toifaga kiradi) tarixda birinchi bor bemorlarga hech qanday, hatto shoshilinch yordam ham ko‘rsatmaydi. Oldingi norozilik aksiyalarida reanimatsiya, tug‘ruq va shoshilinch yordam bo‘limlari navbatchilari ishtirok etmagandi.
Buyuk Britaniya sog‘liqni saqlash vaziri Jeremi Xant ish tashlash qatnashchilariga murojaat etib, norozilik aksiyalari bemorlar hayotini xavf ostiga qo‘yishi, aholi xavotiriga sabab bo‘lishini ta’kidlagandi. Oldinroq yosh shifokorlar vazirga ochiq maktub yo‘llagan va ularni qoniqtirmaydigan yangi shartnomalarni joriy etmaslikka chaqirgandi. Biroq, ish tashlash sanasi belgilanganiga qaraganda, hukumat rejalaridan voz kechmagan ko‘rinadi.
37 ming shifokor Britaniya tibbiyot assotsiatsiyasi a’zosi hisoblanadi.
Izoh (0)