Germaniyaning Brandenburg o‘lkasi adliya vaziri Gelmut Markof o‘z xizmat avtomobilidan shaxsiy maqsadlarda foydalanganidan jamoatchilik xabar topgach, yuzaga kelgan shov-shuv tufayli iste’foga chiqishga majbur bo‘ldi, deya xabar bermoqda “TASS”.
2010-yil yozida Brandenburg moliya vaziri lavozimida ishlayotgan Markof mototsiklini o‘lka hukumatiga tegishli yuk mashinada ustaxonaga olib borgan. O‘tgan hafta ushbu voqea haqida mahalliy gazetalardan biri yozgach, 63 yoshli siyosatchi tanqid toshlari ostida qolib ketdi. O‘lka parlamentidagi muxolifat o‘sha zahotiyoq adliya vazirining zudlik bilan iste’fo berishini talab qildi.
Markof dastlab xizmat avtomobilidan foydalanish qonuniy bo‘lganini ta’kidlab turib oldi. Ammo keyinroq vaziyat uning foydasiga hal bo‘lmayotganini anglagach, bu ishni qilganidan afsus bildirdi va qonuniy narsalarning barchasi ham jamoatchilik tomonidan “axloqiy nuqtai nazardan qonuniy” deb topilmasligini qayd etdi.
O‘z partiyadoshlari bosimi ostida Markof shov-shuvni bosish maqsadida umum manfaatiga qaratilgan jamg‘armaga 1 ming yevro ko‘chirdi.
Izoh (0)