Angliyaning “Liverpul” futbol klubi himoyachisi Mamadu Sako doping qabul qilganlikda gumon qilinmoqda, deb xabar beradi “Chempionat”.
26 yoshli futbolchi “Manchester Yunayted”ga qarshi (1:1) Yevropa Ligasi nimchorak final javob o‘yinidan so‘ng doping bilan qo‘lga tushgan. Sako badandagi yog‘larni eritadigan moddalar qabul qilganligi taxmin qilinmoqda.
“UEFA tashkilotidan Mamadu Sakoning antidoping qoidalarini buzgan bo‘lishi mumkinligi va uni tekshirishlari haqida xat oldik. Futbolchi UEFA oldida javob beradi. Hozirda Sako hech qanday diskvalifikatsiya olmagan, ammo u bilan maslahatlashdik va vaziyat yechimini topmaguniga qadar himoyachi maydonga tushmaydi”, – deb yoziladi “Liverpul” rasmiy saytida.
Qayd etish joiz, Mamadu Sako “Nyukasl”ga qarshi Angliya chempionati 35-turida jamoaning qaydnomasiga kiritilmadi. Fransiyalik himoyachisiz o‘tgan o‘yinda “Liverpul” o‘z maydonida “Nyukasl” bilan 2:2 hisobida durang o‘ynadi.
Izoh (0)