Gonkongning Rex Global Entertainment investitsion xoldingi Rossiyaning Yota Devices kompaniyasi aksiyalarining 30 foizini xarid qilmoqchi. Bu haqda “Hi-Tech.Mail.ru” xabar bermoqda.
Ilgari gonkonglik investorlar kompaniyaning 64,9 foiz aksiyalarini sotib olishi ma’lum qilingan edi — Rossiyaning Telconet Capital jamg‘armasiga aynan mana shu miqdordagi ulush tegishli, ammo kelishuv amalga oshmay qoldi. 22-aprel kuni to‘plangan aksiyadorlar yig‘ilishi yangi shartlarga asoslangan kelishuvni ma’qulladi. Kelishuv 1-mayga qadar yopiladi.
Yangi shartlarga ko‘ra, Rex Global Entertainment xoldingi Yota Devices’ning 30 foiz aksiyasini 46 million dollarga xarid qiladi. Bundan tashqari, xolding kompaniyaning Telconet oldidagi qarzini uzadi — bu 7 million dollar miqdoridagi kredit (summa 15 million dollargacha ko‘tarilishi mumkinligi aytilmoqda) va Britaniya Virginiya orollarida ro‘yxatga olingan Yota BVI shu’ba korxonasiga berilgan 27 million dollar hajmidagi zayomdir.
Aksiyalardan tashqari, xolding Xitoy hududida yetti yilga Yota Devices’ning intellektual mulkiga egalik huquqini qo‘lga kiritadi.
Rex Global Entertainment rossiyalik tijoratchilar, Telconet Capital jamg‘armasi asoschilari Sergey Adonev va Albert Avdolyanning aksiyalarini sotib oladi. Shundan so‘ng jamg‘armada Yota Devices’ning 34,9 foiz aksiyalari qoladi.
Kompaniya aksiyalarining yana 10 foizi Yota Devices bosh direktori Vladislav Martinovga va boshqa minoritar aksiyadorlarga, 25,1 foiz aksiyalar esa “Rostex” davlat korporatsiyasiga tegishli.
Izoh (0)