18-aprel kuni Euro-Expo.ru sayyohlik agentligi direktori Svetlana Stroganova tarmoq foydalanuvchilaridan maktabda sinfdoshlari masxara qilgan o‘g‘lini qo‘llab-quvvatlashni so‘radi, deb yozadi TJournal. Sanoqli soatlar ichida 11 yoshli Stepan minglab layklarga ega bo‘ldi, shuningdek, bir nechta taniqli kishilar, jumladan “VKontakte”ning bir yo‘la ikki nafar sobiq matbuot kotibi bilan do‘stlashdi.
Stroganova uning o‘g‘li kompyuter o‘yinlari va dinozavrlarga qiziqqani, shuningdek, “VKontakte” sahifasida layklar bo‘lmagani tufayli, sinfdoshlari uning ustidan kulganini ma’lum qildi. U tarmoq foydalanuvchilaridan Stepanga e’tibor qaratish orqali uni qo‘llab-quvvatlashni so‘radi.
Stroganovaning posti Facebook’da ommalashib ketdi, shundan so‘ng foydalanuvchilar Stepanga minglab layklar bosdi. Bolaning “devor”ida uni qo‘llab-quvvatlovchi jumlalar bitilgan ko‘plab postlar paydo bo‘ldi.
Izoh yozganlarning ko‘pchiligi Stepanning dinozavr va konstruktorlarga bo‘lgan qiziqishini ma’qulladi va turli qiziqarli linklar bilan bo‘lishdi.
“VKontakte” sobiq matbuot kotibi Georgiy Lobushkin nafaqat Stepanni o‘z do‘stlari safiga qo‘shib, aksiyani qo‘llab-quvvatladi, balki uning sahifasiga “Styopa, biz sen bilan!” yozuvi tushirilgan plakat ko‘tarib tushgan suratini joyladi.
Reper Basta esa Stepanga bag‘ishlangan videomurojaatini e’lon qildi.
“Roskomnadzor” sobiq rahbari Maksim Ksenzov bolaga avatarkasini o‘zgartirishni maslahat berib, baloga qoldi: u boshqa izoh yozuvchilar tomonidan tanqid qilib tashlandi.
Izoh (0)