AQSh sobiq davlat kotibi Madlen Olbrayt Avstriyaning Die Presse nashriga bergan intervyusida Rossiya tashqi siyosatiga, shuningdek, prezident Vladimir Putinning xatti-harakatlariga baho berdi, deb yozadi “RBK”.
“Putin aqlli, ammo haqiqatan yovuz odam. U nazoratni o‘z qo‘liga olishni istaydigan va hamma Rossiyaga qarshi til biriktirib olgan deb hisoblaydigan KGB (Davlat xavfsizligi qo‘mitasi) xodimidir”, — degan fikrda Olbrayt. U, shuningdek, “Putinda yomon kartalar ham bo‘lgani, biroq u ularni (hech bo‘lmaganda, qisqa muddatli kelajakda) yaxshi o‘ynay olgani”ni aytdi.
“Fikrimcha, Putinning maqsadi Yevroittifoqqa putur yetkazish va uni parchalab yuborishdan iborat. U, shuningdek, NATO u manfaatdor bo‘lgan sohalarga aralashmasligini istaydi”, — dedi Davlat departamenti sobiq rahbari.
Olbrayt suhbatdoshining Boltiq mamlakatlari Moskvadan xavfsirashi kerakmi, degan savoliga ijobiy javob berdi. Rossiyaning Suriyadagi ishtiroki haqida gapirar ekan, sobiq davlat kotibi Moskva nizoga “Ukrainadan diqqatni chalg‘itish va Yaqin Sharqqa ta’sirini kuchaytirish uchun” aralashganini taxmin qildi. “Putinning asosiy maqsadi — Rossiyaning qudratini namoyish qilish. Biroq shuni ta’kidlamoqchimanki, agar u boshqa mamlakatlarni bosib olmasa, AQShda Rossiya bilan bog‘liq hech qanday muammo bo‘lmaydi”, — deya qayd etdi Olbrayt.
Izoh (0)