O‘zbekistonda Huawei kompaniyasining eng baquvvat smartfoni — Mate 8 modeli sotila boshladi, deb yozadi “Mobinfo.uz”. Qurilma korpusining 95 foizi metalldan iborat, ichki konstruksiya esa issiqlik ajralib chiqishini kamaytirish uchun mustahkam alyuminiy qotishmasidan yasalgan.
Huawei kompaniyasi Huawei Mate 8 smartfonini CES 2016 ko‘rgazmasida taqdim etgan edi. U bilan birga, kompaniya MediaPad M2 plansheti, yangi ranglardagi Huawei Watch “aqlli” soati va yangi dizayndagi Nexus 6P’ni ham namoyish qilgan edi.
Huawei Mate 8 biznesmenlar uchun imidj smartfoni sifatida ta’riflandi. U 6 dyuymli ekran, HiSilicon Kirin 950 protsessori, 4000 mA/s sig‘imli akkumulyator, 16 megapikselli Sony IMX 298 kamerasi (asosiy) va 8 megapikselli old kameraga ega bo‘ldi.
Qurilmaning orqa paneliga barmoq izi skaneri joylashgan, u Mate 7 smartfonidagi datchikdan ikki marta tezroq ishlaydi. Skaner foto, video va hujjatlarni “qulflash”, kamerani ishga tushirish, qo‘ng‘iroqqa javob berish, budilnikni o‘chirish uchun ham qo‘llanilishi mumkin.
O‘zbekistonda smartfonning Mocha Brown korpusdagi 3 Gb tezkor va 32 Gb ichki xotiraga ega versiyasi sotilmoqda. Toshkent bozorida model 3 million 390 ming so‘mga taklif qilinmoqda.
Ushbu qurilmani ko‘rsatilgan narxda sotib olishga “Daryo” nashri kafolat bermaydi. Qurilma va uning narxi haqidagi axborot faqat tanishish uchun taqdim etilgan.
Izoh (0)