Andijon viloyatida joriy yil may–iyun oylarida o‘tkaziladigan fuqarolar yig‘inlari raislari va ularning maslahatchilari sayloviga puxta hozirlik ko‘rilmoqda. Ushbu muhim tadbirning demokratik tamoyillar asosida, yuqori saviyada o‘tishini ta’minlash borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda, deya xabar beradi O‘zA.
— Fuqarolar yig‘inlari raislari va ularning maslahatchilari saylovini o‘tkazishga ko‘maklashuvchi 2 shahar, 14 tuman komissiyasi hamda 868 mahalla, 94 qishloq va 6 shaharcha fuqarolar yig‘inlarida jami 968 ishchi guruhi tuzildi. Komissiyalar va ishchi guruhlarga zarur sharoit yaratib berildi, tegishli qo‘llanma va adabiyotlar bilan ta’minlandi, — deya ta’kidlaydi fuqarolar yig‘inlari raislari va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi viloyat komissiyasi raisi Muhammadjon Yo‘ldoshev. — Avvalgi saylovlarda to‘plangan tajribadan kelib chiqib, ishchi guruhlar tarkibiga mahallada, keng jamoatchilik orasida obro‘-e’tibor qozongan, tashkilotchi, hayotiy tajribaga ega kishilar kiritildi.
Joylarda saylovoldi tushuntirish-targ‘ibot ishlari keng ko‘lamda olib borilmoqda. Tuman va shahar komissiyalari raislari, o‘rinbosarlari, ishchi guruhlar rahbarlari va mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirokida viloyat, tuman va shaharlar miqyosida ko‘plab seminar-yig‘ilishlar o‘tkazildi.
Izoh (0)