AQSh prezidenti Barak Obama general Lori Robinsonga mamlakat hududining kontinental qismini himoya qiladigan Shimoliy qo‘mondonlikni boshqarishni topshirishga qaror qildi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
Agar uning nomzodi Kongress senati tomonidan ma’qullansa, Robinson bunday lavozimga loyiq ko‘rilgan birinchi ayol bo‘ladi. Shuningdek, u Shimoliy Amerika aerokosmik mudofaasi birlashgan qo‘mondonligiga (NORAD) ham rahbarlik qiladi.
AQSh qurolli kuchlarida jami to‘qqiz operativ qo‘mondonlik faoliyat olib boradi. Ulardan oltitasi mintaqaviy (Shimoliy, Janubiy, Markaziy, Yevropa, Tinch okeani va Afrika), uchtasi esa funksional (Strategik, Transport va maxsus operatsiyalar) qo‘mondonlik hisoblanadi.
57-yoshli Lori Robinson to‘rt yulduzli general oliy unvoniga ega AQSh qurolli kuchlaridagi uch nafar ayoldan biri hisoblanadi. Hozirga qadar u Tinch okeani qo‘mondonligida harbiy-havo operatsiyalari uchun javob berib kelayotgandi.
Izoh (0)