Toshkentning “Lokomotiv” futbol klubi hujumchisi Temurxo‘ja Abduxoliqov Osiyo Chempionlar Ligasi guruh bosqichi 4-turi doirasida Eronning “Sepahon” jamoasiga qarshi o‘yinda gol urdi. Uning goli “Lokomotiv”ga uch ochko keltirdi.
O‘yindan so‘ng futbolchi O‘zMTRKning “Sport” telekanaliga qisqacha intervyu berib, o‘yin haqidagi o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.
“Birinchi bo‘limda ham ikkinchi bo‘limdagi kabi hujumlar uyushtirdik, lekin imkoniyatlardan foydalana olmadik. Aniqrog‘i, foydalana olmadim. Shukr, bugun g‘alaba qozondik”, — dedi futbolchi.
“Yirik hisobda g‘alaba qozonishimiz ham mumkin edi, lekin eng asosiy uch ochkoni qo‘lga kiritdik va guruhdan keyingi bosqichga chiqish uchun yaxshi imkoniyatga egamiz”, — dedi Temurxo‘ja Abduxoliqov.
Eslatib o‘tamiz, bungacha Temurxo‘ja Abduxoliqov OChL guruh bosqichi doirasida 2-turda safarda “Al-Ittihod”ga qarshi o‘yinda penaltidan gol urgandi.
Izoh (0)