Futbol bo‘yicha Osiyo Chempionlar Ligasida Toshkentning “Lokomotiv” klubi bilan “A” guruhidan joy olgan Saudiya Arabistonining “Al-Ittihod” jamoasi 20 ming dollar miqdorida jarimaga tortildi, deb xabar qilmoqda “temiryo‘lchilar” matbuot xizmati.
OChL 2-turidan o‘rin olgan, 2016-yilning 1-mart kuni Saudiya Arabistonida o‘tkazilgan “Al-Ittihod” – “Lokomotiv” (1:1) uchrashuvining oxirlarida maydonda bahsli vaziyat yuzaga kelgandi. Mezbonlar legioneri Salli Muntari “temiryo‘lchilar” yarim himoyachisi Quvondiq Ro‘ziyevni atayin ikki—uch marta tepgan bo‘lishiga qaramay, hakam bu vaziyatga e’tiborsizlik qildi. Natijada bu hol “Lokomotiv” futbolchilarining asabiylashishiga olib keldi.
Shundan so‘ng, “Qirol Abdulloh” stadioniga kelgan muxlislar tomonidan ham tartibsizliklar kelib chiqdi va ular maydonga turli buyumlar uloqtirgandi. Suv to‘ldirilgan idishlardan biri “Lokomotiv” yarim himoyachisi Kaxi Maxaradzening yelkasiga tekkandi.
O‘yindan so‘ng, Osiyo futbol konfederatsiyasi Tartib-intizom qo‘mitasi mazkur holatni sinchiklab o‘rganib chiqdi va mezbon jamoa “Al-Ittihod”ga jarima solishni lozim topdi. Bundan tashqari, jamoa o‘zining navbatdagi uy uchrashuvini muxlislarsiz o‘tkazadigan bo‘ldi.
Izoh (0)