Nyu-York avtosalonida World Car of the Year xalqaro tanlovi g‘olibi aniqlandi. 73 nafar ekspertdan iborat hakamlar hay’atining eng ko‘p ovozini Mazda MX-5 rodsteri to‘pladi va “Yil avtomobili” nomiga sazovor bo‘ldi, deya xabar beradi “Autonews.ru”.
Mazda MX-5 mazkur nufuzli tanlovda Audi A4, BMW X1, Hyundai Tucson, Jaguar XE, Land Rover Discovery Sport, Mazda CX-3, Mercedes-Benz GLC, Skoda Superb va Toyota Prius’ni ortda qoldirdi. Shuningdek, rodster “Eng yaxshi dizaynga ega avtomobil” deb ham topildi.
Asosiy nominatsiyadan tashqari, tanlov doirasida qo‘shimcha nominatsiyalar g‘oliblari ham e’lon qilindi. Jumladan, BMW 7-Series “Eng hashamatli avtomobil”, Audi R8 “Eng yaxshi sport avtomobili”, Toyota Mirai esa “Eng a’lo yashil avtomobil” deb topildi.
Ma’lumot uchun, “Yil avtomobili” tanlovi 2005-yildan beri o‘tkazib kelinadi. O‘tgan yili ushbu nomga Mercedes-Benz C-Class ega bo‘lgandi.
Izoh (0)