Rossiyaning A321 layneri qulaganidan so‘ng Misrning sayyohlik sohasidagi daromadi taxminan 1,2—1,3 milliard dollarga kamaygan. Bu haqda mamlakat bosh vaziri Sharif Ismoil ma’lum qildi, deya xabar beradi “Interfaks”.
“Aviahalokatdan so‘ng uch—to‘rt oy ichida 1,2 yoki 1,3 milliard dollar yo‘qotdik”, — deya ta’kidlagan bosh vazir.
2015-yil 30-iyunda yakunlangan o‘tgan moliya yilida Misrning turizm orqali topgan foydasi 7,3 milliard dollarni tashkil etdi, bu mamlakatga import qilinadigan masulotlarning 12 foiziga teng. Sayyohlik sohasidagi muammolar mamlakatga keladigan valyuta oqimi keskin kamayishi va qora bozorda Misr funti kursi tushib ketishiga sabab bo‘ldi.
Mamlakat moliya vazirligi joriy moliya yili uchun yalpi ichki mahsulot o‘sishi bashoratini “5 foizdan ziyod”dan 4—4,25 foizgacha kamaytirdi va buni A321 halokatidan so‘ng sayyohlik sohasida vaziyat yomonlashgani bilan izohladi.
Eslatib o‘tamiz, 2015-yilning 31-oktabr kuni Rossiyaning “Kogalimavia” kompaniyasiga tegishli Airbus A321 samolyoti Sinayda quladi. Bortda bo‘lgan 217 yo‘lovchi va ekipajning yetti nafar a’zosi halok bo‘ldi. Misr prezidenti fevral oyida A321 layneri halokatiga terakt sababchi bo‘lganligini birinchi marta tan oldi.
Izoh (0)