27-fevraldan kuchga kirgan tinchlik sulhining dastlabki kunida Suriyaning Xama viloyatida ketma-ket ikki terakt amalga oshirilib, kamida olti kishi ularning qurboni bo‘ldi, deb xabar beradi Reuters agentligi.
Suriya davlat axborot agentligi bergan ma’lumotga ko‘ra, sulh rejimining birinchi soatlarida Salamiya shahrining chetida bomba o‘rnatilgan mashina ichida o‘zini portlatib yuborgan terrorchi ikki kishining hayotiga zomin bo‘ldi. Yana bir terrorchi mototsiklda Tiba qishlog‘iga kirish yerida o‘zini havoga uchirdi, buning oqibatida to‘rt kishi nobud bo‘ldi.
Ilgariroq xabar qilinganidek, Suriya muxolifati hukumat qo‘shinlari 27-fevralga o‘tar kechasi amalga kirgan sulhni allaqachon buzishga ulgurgani haqida bayonot bergan edi. “Birinchi qirg‘oqbo‘yi diviziyasi” guruhi vakili Fadi Ahmadning ma’lumotiga ko‘ra, tinchlik o‘rnatilganidan bir necha soat o‘tib Bashar Asad qo‘shinlari Latakiya viloyatida “Ikkinchi qirg‘oqbo‘yi diviziyasi”ga hujum qilgan, buning oqibatida isyonchilardan uch kishi halok bo‘lgan.
Izoh (0)