O‘zbekistonlik iste’doli tennischi Nigina Abduraimova Avstraliyaning Port-Piri shahrida yakuniga yetib borayotgan ITF turkumidagi tennis turnirining juftliklar bahsi yarim finalida mag‘lubiyatga uchradi.
Xalqaro tennis federatsiyasining ma’lum qilishicha, musobaqaning juftliklar bahsi final yo‘llanmasi uchun kechgan uchrashuvda 20 yoshli chexiyalik Barbora Stefkova bilan tandem hosil qilgan 21 yoshli Abduraimova mezbon tennischilar Keysi Delakva va Eshli Bartiga qarshi kortga chiqdi. Unda 6:2, 6:0 hisobi qayd etilib, avstraliyalik juftlik foydasiga hal bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, Abduraimova/Stefkova juftligi ilk uchrashuvda yaponiyalik Kyoka Okamura va xitoylik Ran Tian juftligi ustidan 6:3, 6:3 hisobida g‘alaba qozongan bo‘lsa, chorak finalda Chi-Yu Su (Xitoy Taypeyi)/Shanel Simmonds (JAR) duetini 7:5, 6:2 hisobida taslim etilgandi.
Yakkalik bahslarida ham ishtirok etgan Nigina Abduraimova ikkinchi davrada avstraliyalik Jessika Murga qarshi bahs olib borib, 4:6, 6:7 hisobida imkoniyatni boy bergan.
Ma’lumot uchun, Nyrstar Port Pirie Tennis International musobaqasining sovrin jamg‘armasi 25 ming AQSh dollarini tashkil qiladi.
Izoh (0)