Joriy yilning 26—27-fevral kunlari Toshkent shahridagi “O‘zbekiston” sport saroyida ilk bor Butunjahon boks seriyasining VI mavsumidan o‘rin olgan navbatdagi janglar o‘tkaziladi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi xabar bermoqda.
Butunjahon boks seriyasining VI mavsumida jami 16 jamoa to‘rt guruhga bo‘lingan holda g‘oliblik uchun bahs yuritadi. Har bir guruhda birinchi va ikkinchi o‘rinni egallagan jamoalar chorak finalga yo‘l oladi.
O‘zbekistonning Uzbek Tigers jamoasi “D” guruhida Qozog‘iston, Ozarbayjon va Puerto-Riko jamoalari bilan o‘zaro kuch sinashadi.
O‘zbekistonlik bokschilar 26-fevral kuni Puerto-Rikoning Puerto Rico Hurricanes jamoasiga qarshi bahs yuritsa, 27-fevral kuni Qozog‘istonning Astana Arlans jamoasi bilan kuch sinashadi.
Eslatib o‘tamiz, mavsumning dastlabki uchrashuvida O‘zbekiston jamoasi Puerto-Riko bokschilariga qarshi ringga ko‘tarilib, 5:0 hisobida g‘alaba qozongandi. Keyin esa o‘zbekistonlik bokschilar Boku shahrida Ozarbayjon jamoasiga 2:3 hisobida imkoniyatni boy berdi.
Izoh (0)