O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2016-yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida qaror imzoladi. Hujjat matnini O‘zA e’lon qildi.
Qarorga muvofiq, 2016-yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tashkil qilinadi va u Navro‘z bayramini Toshkent shahrida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar markazlarida, barcha shahar, tuman va qishloqlarda umumxalq sayillari shaklida yuqori darajada o‘tkazishga qaratilgan tashkiliy-amaliy, madaniy-ma’naviy tadbirlar rejasini o‘n kun muddatda ishlab chiqadi va amalga oshiradi.
Tadbirlar rejasini tayyorlashda quyidagi masalalarga alohida e’tibor qaratish kerakligi belgilandi:
— Navro‘z kunlarida inson o‘zini tabiat bilan uzviy bog‘langanini, uning ajralmas bir qismi sifatida his etishini ifoda etadigan, atrof-muhitni, ona zaminni ardoqlab, uning ne’matlarini, bugungi tinch hayotni qadrlab, shukronalik tuyg‘usi bilan yashashga da’vat qiladigan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni uyushtirish;
— barcha shahar va qishloqlarimizda bo‘lib o‘tadigan tadbirlarda, ommaviy axborot vositalarida Navro‘z bayramining tarixi, uni nishonlash bilan bog‘liq urf-odat, an’ana va qadriyatlarimizning mohiyati va ahamiyatini keng yoritish;
— Navro‘zning ruhi va falsafasida o‘z aksini topgan mehr-muruvvat, ahillik va totuvlik, yoshi ulug‘ insonlar, tabarruk otaxon va onaxonlarni har tomonlama e’zozlash, ko‘makka muhtoj kishilarga beg‘araz yordam berish bilan bog‘liq xayriya tadbirlarini amalga oshirish;
— yangi dehqonchilik mavsumining boshlanishi, yasharish va yangilanish, qut-baraka, obodlik va farovonlik ramzi bo‘lmish Navro‘z faslida mahallalarda, shahar va qishloqlarimizda hasharlar, keng ko‘lamdagi obodonchilik va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini tashkil etish;
— Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan bayram dasturlariga folklor guruhlari, badiiy havaskorlik jamoalari, oilaviy ansambllar, baxshilar, shuningdek, professional va iste’dodli estrada ijrochilarini tanlov asosida jalb etish;
— bayram dasturlarini tayyorlashda folklor san’atining eng yaxshi namunalarini, el-yurtimizning dilidan chuqur joy olgan qadimiy urf-odatlar, ezgu insoniy tuyg‘ularni tarannum etadigan mumtoz kuy va qo‘shiqlar, o‘lan va laparlarga keng o‘rin berish.
O‘tkaziladigan bayram tadbirlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjeti va viloyatlarda mahalliy byudjetlar hamda joylardagi homiylik xayriya mablag‘lari hisobidan; Toshkent shahrida esa respublika byudjeti va Toshkent shahar mahalliy byudjeti mablag‘lari hisobidan teng ulushlarda qoplanadi.
Izoh (0)