2014-yilning o‘zida Google Gollandiya va Irlandiyadagi kompaniyalaridan foydalanib, 10,7 milliard dollarni soliq to‘lashdan yashirgan. Bu haqda Google Netherlands Holdings BV hisobotiga tayanib, Reuters ma’lum qildi, deya xabar beradi “RBK”.
Hisobotdan ma’lum bo‘lishicha, Google Netherlands’ning 2014-yildagi tushumi asosan korporatsiyaning Irlandiyadagi bo‘linmasi (Google AQShdan tashqarida topadigan daromadlarning katta qismi shu yerda to‘planadi) litsenzion to‘lovlari hisobiga shakllantirilgan bo‘lib, deyarli to‘liq ravishda Irlandiyada ro‘yxatda o‘tgan, biroq Bermud orollarida joylashgan Google Ireland Holdings kompaniyasiga yo‘naltirilgan.
Natijada Google AQShning korporatsiyalar foyda solig‘idan (Bermudlarda bunday soliq olinmaydi) ham, Yevropadagi daromad soliqlaridan ham qochishga muvaffaq bo‘lgan. Tarkibida umuman xodim bo‘lmagan Google Netherlands esa Gollandiya g‘aznasiga atigi 2,8 million yevro to‘lagan, xolos.
Soliq sxemalarining qo‘llanishi tufayli Google’ning AQSh tashqarisidagi daromadlaridan 6 foiz soliq olingan, bu esa o‘rtacha soliq darajasidan taxminan to‘rt barobar kam.
Izoh (0)