AQShda Germaniyaning Mercedes-Benz konserni avtomobillarining dizel dvigatellari chiqarayotgan zararli ajratmalar bo‘yicha ma’lumotlarni soxtalashtirishda ayblandi. Bu haqda Meduza sayti xabar bermoqda.
Hagens Berman huquqiy firmasi tomonidan Illinoys sudiga kiritilgan da’vo arizasi Mercedes-Benz’ning 14 modeliga daxldor bo‘lib, ularning bariga BlueTec texnologiyasiga ega dvigatellar o‘rnatiladi.
Da’vogarning uqtirishicha, avtomobilsoz kompaniya mutasaddilarining BlueTec texnologiyasi ekologik jihatdan dunyodagi eng toza dizelli dvigatel ekanligi haqidagi tashviqoti haqiqatga mos kelmaydi va iste’molchilarni chalg‘itadi.
“Mercedes-Benz BlueTec’da ishlaydigan avtomobillarini shunday dasturlashtirganki, atrof-muhit harorati Farengeyt bo‘yicha 50 darajadan (Selsiy bo‘yicha 10 daraja) pastroqqa tushganida, azot oksidlari chiqindilarini kamaytirish tizimi o‘chib qoladi”, – deyiladi ariza matnida. Bu tizim o‘chirilishi bilan dvigatellar ba’zida talabdan 19 barobar yuqoriroq miqdorda zararli ajratmalar chiqarishni boshlaydi.
Mercedes-Benz’ning rasmiy vakillari da’voning asossiz ekanini qayd qilish barobarida, sud jarayoni uchun hujjatlar tayyorlanayotganini bildirdi.
Izoh (0)