Futzal bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Xose Mendez Osiyo chempionati chorak finalida Iroq ustidan 3:0 hisobida qozonilgan g‘alabadan so‘ng matbuot anjumanida ishtirok etdi, deb yozadi “Uff.uz”. Murabbiy avvalo o‘yin va qo‘lga kiritilgan JCh yo‘llanmasi haqida fikr bildirdi.
“Iroqqa qarshi kechgan uchrashuv chiroyli o‘yindan ko‘ra har qanday yo‘l bilan bo‘lmasin, g‘alaba qozonish shart bo‘lgan o‘yin edi”, — dedi Xose Mendez. Uning qo‘shimcha qilishicha, 6 nafar futzalchi o‘yin chog‘ida shamollagan va og‘ir ahvolda bo‘lgan, ammo maydonda o‘zlarini ko‘rsatib, jang olib borgan.
Tailand bilan yarim finalda bo‘ladigan uchrashuv haqida gapirar ekan, bu jamoa juda kuchli ekanligini ta’kidladi. “Ular bizga qarshi kechadigan o‘yinda favorit. Ammo biz ularni mag‘lub eta olamiz. Ular hujumga o‘tganda, bizda qarshi hujum uyushtirish imkoniyati bo‘ladi”, — dedi murabbiy.
“Tailand tarkibida bir nechta juda kuchli futzalchilar bor. Ular jamoalar o‘rtasidagi farqni oshirib yuborishi turgan gap. Ammo bugungidek muxlislik bo‘lsa, bu farq o‘z-o‘zidan yo‘qqa chiqadi. Men 20 yildan buyon murabbiylik qilaman, ammo hali bunday muxlislikni ko‘rmaganman. Ishqibozlar bizga kuch beradi”, — deya qayd etdi Xose Mendez.
Eslatib o‘tamiz, futzal bo‘yicha Toshkentda davom etayotgan Osiyo chempionatining chorak finalida O‘zbekiston Iroq ustidan g‘alaba qozonib, tarixda birinchi marta jahon chempionatiga yo‘llanma olgan edi.
Izoh (0)