7-fevral, yakshanba kuni Rossiyaning Voronej viloyatida favqulodda vaziyatlar xizmati va politsiya xodimlari “Don” trassasi bo‘ylab xotirjam kezib yurgan yo‘lbarsni qo‘lga oldi. Yirtqich Voronejda qayerdan paydo bo‘lgani haqida hozirgacha aniq ma’lumotlar yo‘q, deya xabar beradi “RBK”.
Trassada kezib yurgan yo‘lbars haqida yakshanba kuni tongda xabar berilgan. Hodisa joyiga yuborilgan qutqaruvchilar va politsiyachilar ushbu ma’lumotni tasdiqlagan.
“Aholi hayotiga xavf tufayli yo‘lbars turgan joy o‘rab olindi va bu yerga Voronej hayvonot bog‘i veterinari keltirildi. Jonivor maxsus vosita yordamida harakatsizlantirildi, bog‘landi va hayvonot bog‘iga keltirilib, qafasga joylandi”, — deya ta’kidlanadi mamlakat favqulodda vaziyatlar vazirligining Voronej viloyatidagi boshqarmasi xabarida.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yo‘lbars “Don” trassasida yuk mashinasida olib ketilayotgan chog‘da qochib ketgan.
Izoh (0)