Bryus Li millionlab tomoshabinlarning sevimli yulduzi edi. Jangovar san’at olami afsonasining falsafasi bugungi kunda ham dunyo bo‘ylab odamlarni ilhomlantirib kelmoqda, deb yozadi “1news.az”.
Li o‘zi rahbarlik qilayotgan mashg‘ulotlar vaqtida 17 yoshli talaba qiz — Linda Emerli bilan tanishadi. Linda bir ko‘rishdayoq kelishgan xitoylik yigitni sevib qoladi. U Lining guruhidagi mashg‘ulotlarga yozilgan edi, kunlarning biri esa Bryus Lindani restoranga taklif qiladi. Ko‘p o‘tmay, ular turmush qurishadi.
Keyinchalik ular buni bir ko‘rishdagi muhabbat bo‘lganini tan olgan. Bryusning ko‘ziga Linda “osmondan tushgan farishta”dek ko‘ringan. O‘z navbatida, qizga Bryusning o‘ziga xos did bilan kiyinishi juda yoqqan.
Bryus va uning bo‘lajak turmush o‘rtog‘i o‘rtasidagi birinchi uchrashuvi qimmat restoranda bo‘lib o‘tgan. Lindaning ta’kidlashicha, bu juda romantik oqshom bo‘lgan — ular Bryusning bolalik va o‘smirlik davri haqida suhbat qurgan, falsafa, psixologiya va hayot rejalar bo‘yicha fikr almashgan.
Lindaning ota-onasi uning xitoylik yigitga turmushga chiqishiga qat’iy qarshi edi. Biroq bu sevishganlarning yo‘liga to‘g‘anoq bo‘la olmadi. To‘ydan keyin Bryus Li va Linda uzoqroqqa ko‘chib ketib, alohida uyda o‘z hayotlarini mustaqil ravishda qurishga kirishdi.
1965-yil 1-fevralida Bryusning to‘ng‘ich o‘g‘li — Brendon Li tug‘iladi. O‘shanda aktyor o‘z farzandini “Kaliforniyadagi yagona malla va ko‘k-ko‘z xitoylik” deb atagan edi.
Ota va o‘g‘il hayratlanarli tarzda bir-biriga o‘xshardi. Bryus Li Brendonga uch yoshidan kung-funi o‘rgatdi. Besh yoshida esa bolakay qo‘lda yurib, bir sakrashda otasining dahaniga yeta olardi.
1969-yili ularning ikkinchi farzandi — qizaloq Shennon dunyoga keladi. U otasining yo‘lidan borib, aktrisa va kinoprodyuser bo‘ldi.
Gollivudning aksariyat yulduzlaridan farqli o‘laroq, Bryus Li butun hayoti davomida faqat bir marta oila qurgan. Linda bilan nikohda to‘qqiz yil — o‘limiga qadar birga yashadi.
Bryus Lining fikricha, yon bera olish — oilaviy hayotning muvaffaqiyatini ta’minlaydi. Uning o‘zi osonlik bilan xotiniga yon bosishi mumkinligi haqida jurnalistlarga bir necha bor so‘zlab bergan edi.
Bryus Lining o‘limidan so‘ng Linda Bryus Kedvelga turmushga chiqdi va hozirda Aydahoda istiqomat qiladi.
Izoh (0)