Kaliforniya texnologiya instituti olimlari Maykl Braun va Konstantin Batigin “X sayyora” borligi haqidagi yangi dalillarni keltirdi, deb xabar qiladi Meduza.
Tadqiqotchilar Astronomical Journal jurnalida sayyora chindan ham mavjudligini isbotlovchi bilvosita dalillarni chop qildi.
Braun va Batigin Neptunning ortida joylashgan boshqa obyektlarning orbitasini o‘rganib chiqdi. Tadqiqot davomida ular qandaydir osmon jismi bu obyektlarga kuchli gravitatsion ta’sir ko‘rsatayotganini aniqladi.
Agar “X sayyora” chindan ham mavjud bo‘lsa, uning massasi Yernikidan o‘n marta katta. Osmon jismining Quyosh atrofida aylanish davri 15 ming yilni tashkil etadi.
Ilmiy ish mualliflari sayyorani teleskoplar yordamida aniqlash uchun besh yil ketishi mumkinligini ta’kidlamoqda. Ular “sayyora teleskop orqali aniqlanmaguncha, uning mavjudligi faqat faraz bo‘lib qolishi”ni tan olmoqda.
Ma’lumot uchun, hozirga qadar olimlar tomonidan aniqlangan Quyosh tizimidagi sayyoralar qatoriga Merkuriy, Venera, Yer, Mars, Yupiter, Saturn, Uran va Neptun kiradi.
Izoh (0)